Qirg'izistonning milliy to'lov tizimi «Elkart» O'zbekistonning Uzcard bilan integratsiyaga tayyorlanmoqda. Bunga azarbayjon nashri Trend «Elkart» matbuot xizmatiga tayanib xabar bermoqda.
Tashkilotlar vakillari 24-oktyabr kuni hamkorlik to'g'risida memorandum imzoladilar. Hujjat doirasida O'zbekiston va Qirg'iziston o'rtasida yagona to'lov ekotizimini bir necha bosqichda yaratish rejalashtirilmoqda.
«Elkart»da aytishlaricha, birinchi bosqichda ikki to'lov tizimi o'rtasida kartalar bilan o'tkazmalarni ishga tushirish rejalashtirilgan. Keyin esa naqd pul olish uchun bankomatlarda va bir tizimning kartalari bilan boshqa tizimning POS-terminalida to'lovlarni amalga oshirishni o'rnatish rejalashtirilmoqda.
Lo'yihani amalga oshirish uchun zamonaviy yechimlar qo'llaniladi, bu esa tranzaksiyalar uchun minimal vaqt sarflanishiga imkon beradi va tezkor o'tkazmalarni amalga oshirish imkonini beradi. Foydalanuvchilarga ma'lumotlarning xavfsizligi, ruxsatsiz kirish va firibgarlikdan himoya kafolatlanadi.
«Elkart»da chet elda kartalar bilan transchegaraviy to'lovlar imkoniyati O'zbekiston va Qirg'izistonning moliyaviy infratuzilmasini rivojlantirishga yordam beradi, bu esa o'z navbatida o'zaro savdo, turizm va iqtisodiy hamkorlikni rag'batlantiradi, deb kutishmoqda.
Humo to'lov tizimi rahbari Shuxratbek Qurbanov shu yilning iyun oyida Qirg'iziston va Qozog'istonda uzluksiz to'lovlarni ishga tushirishni e'lon qildi. Xususan, NMPT O'zbekiston hududida «Elkart» tizimidagi kartalar bilan to'lovlarni qabul qilishga rozilik berdi.
Oldinroq Spot, hind to'lov tizimi UPI Humo va Uzcard bilan integratsiya qilishni rejalashtirayotgani haqida xabar bergan edi.