Hukumat tovarlar va xizmatlarning halol standartlariga muvofiqligini tasdiqlovchi milliy sertifikatlashtirish to'g'risida qaror chiqardi. Hujjat Lex.uz saytida e'lon qilingan.
Sertifikatlashtirish Islom mamlakatlari standartlar va metrologiya instituti (SMIIC) tomonidan belgilangan normativlarga muvofiq amalga oshiriladi. Buni texnik tartibga solish agentligi va din ishlari bo'yicha qo'mita tomonidan vakolatlangan maxsus organlar o'tkazadi.
Avgust oyining boshidan oldin halol sertifikatlashtirish organlarining xalqaro akreditatsiyasini ta'minlash vazifasi yuklatildi. Shuningdek, ushbu vaqtga O'zbekiston tovarlari uchun "Halol" belgisi ko'rinishini tasdiqlash vazifasi qo'yildi.
Halol mahsulot sertifikatini olishni xohlaydigan korxona sertifikatlashtirish organiga tasdiqlangan shaklda ariza berishi kerak. Arizaga mahsulot (xizmat) va ularning ishlab chiqarilishi haqida ma'lumotlar, jumladan:
- mahsulot ishlab chiqarish, ingredientlar va qo'shimchalar bo'yicha hujjatlar (texnologik kartalar, ko'rsatmalar, retsept, tarkibi va h.k.);
- mahsulotni ishlatish yoki qo'llash bo'yicha ko'rsatmalar (tartib, qo'llanma);
- mahsulotning xavfsizligi va halol talablarga muvofiqligini tasdiqlovchi sinov protokoli;
- akkreditatsiyadan o'tgan laboratoriya bilan tuzilgan shartnoma nusxasi;
- sifat menejmenti tizimini joriy etish bo'yicha sertifikat nusxasi (ISO 9001, ISO 22000).
Ariza 3 ish kunida ko'rib chiqiladi, shundan so'ng sertifikatlashtirish organi uni qabul qilish yoki rad etish to'g'risida qaror qabul qiladi. Ijobiy qaror qabul qilingan taqdirda, arizachi bilan shartnoma tuziladi va sertifikatlashtirish uchun to'lov amalga oshiriladi.
Keyin mutaxassislar tovar (xizmat) haqidagi hujjatlarni ekspertizadan o'tkazadilar va kamchiliklar aniqlangan taqdirda, arizachiga ularni tuzatish uchun 3 oygacha vaqt beriladi. Zarur bo'lganda, ishlab chiqarish jarayonini baholash uchun tashqi baholash ham o'tkaziladi.
Agar sertifikatlashtirish organi muammolarni aniqlamasa, u halol normalarga muvofiqlik sertifikatini uch yilga rasmiylashtiradi. Shu bilan birga, hujjatning amal qilish muddati buzilishlar aniqlanganda yoki korxonaning arizasi bilan to'xtatilishi mumkin.
90 kun ichida davom etayotgan buzilishlarni bartaraf etmaslik yoki talablarni jiddiy ravishda buzish sertifikatni bekor qilish uchun asos bo'ladi. Ushbu normativ 2 maydan boshlab, e'lon qilinganidan 3 oy o'tgach kuchga kiradi.
Oldinroq Spot 1-apreldan chorvachilik va parranda fermalariga QIShDA to'lovlarining yarmisini qaytarib berish haqida xabar bergan edi.