UzAuto Motors matbuot xizmati Chevrolet Cobalt MT avtomobilining savdodan olib tashlanishi haqidagi mish-mishlarni rad etdi.

Autostrada.uz saytida UzAuto Motors Chevrolet Cobalt avtomobilini mexanik uzatmalar qutisi bilan sotishni to'xtatishi haqida ma'lumot paydo bo'ldi. E'lon qilingan maqolada Chevrolet.uz platformasidagi yangilangan narxlar ro'yxatiga asoslangan xulosalar keltirilgan.

«Chevrolet Cobalt mexanik uzatmalar qutisi bilan endi ishlab chiqarilmaydi, hech bo'lmaganda, yaqin kelajakda ushbu konfiguratsiyadagi avtomobillar sotuvda paydo bo'lmaydi», — deb yozadi portal.

Spot.uzdagi reklama

Biroq avtomobil ishlab chiqaruvchisi xabarida ushbu ma'lumot «haqiqatga to'g'ri kelmaydi va feykdir» deb ta'kidlangan.

"UzAuto Motors Chevrolet Cobalt MT avtomobilini ishlab chiqarishni to'xtatish haqida rasmiy xabar bermagan. Kompaniya media sohasidagi vakillar va blogerlardan ishonchsiz va tekshirilmagan ma'lumotlarni tarqatmaslikni so'raydi", — deb ta'kidlandi kompaniyada.

Shuningdek, UzAuto Motors O'zbekistonda OAV, telekommunikatsiya tarmoqlari yoki internetda yolg'on ma'lumot tarqatish uchun ma'muriy javobgarlik mavjudligini eslatdi.

Kompaniya o'z faoliyatidagi barcha o'zgarishlarni faqat rasmiy manbalarda e'lon qilinishini ta'kidlab, faqat ishonchli manbalarga ishonishni tavsiya etdi.

Oldinroq Spot UzAuto Motors Chevrolet Cobalt avtomobilining Midnight versiyasini ishlab chiqarishni boshlashi haqida xabar bergandi.