Amerika Qo'shma Shtatlari prezidenti Jo Bayden $14,9 milliard atrofida baholangan bitimni to'sib qo'ydi, bu orqali yaponiyaning Nippon Steel korporatsiyasi amerikalik po'lat ishlab chiqaruvchi US Steelni sotib olishni rejalashtirgan edi. Tegishli hujjat Oq uy rasmiy saytida e'lon qilindi.
Yaponiyaning eng yirik po'lat ishlab chiqaruvchisi Nippon Steel 2023 yil dekabrida U.S. Steelni sotib olish niyatini bildirdi. Bitim 2024 yilning uchinchi yoki to'rtinchi choragida yopilishi rejalashtirilgan edi. Yapon tomon ham kompaniyaning qariyb $742 million qarzini to'lashga tayyorligini va uning brendi hamda ishlab chiqarishini AQShda saqlab qolishga tayyorligini bildirdi.
2024 yil mart oyida Bayden ushbu bitimga qarshi chiqdi. Shuningdek, Donald Trump ham bitimga qarshi fikr bildirdi. Reuters ma'lumotlariga ko'ra, Yaponiyaning bosh vaziri Shigeru Ishiba noyabrda Baydenga bitimni tasdiqlashni qat'iy tavsiya etuvchi maktub yo'llagan.
Ammo, 2025 yil 3 yanvarda Bayden bitimni amalga oshirishni taqiqlovchi farmonni imzoladi. Bunday qaror qabul qilishning asosiy sababi davlat rahbari tomonidan milliy xavfsizlik tahdidi va bitimning asosiy ta'minot zanjirlariga ta'siri deb ataldi.
Hujjatga ko'ra, ikki tomon 30 kun ichida bitimdan to'liq voz kechishi va unga bog'liq barcha harakatlarni to'xtatishi shart.
Ikkala kompaniya prezident qarorini qoraladi. "Prezident Baydenning qarori huquqiy tartib-qoidalarni va qonunni ochiq ravishda buzishdir", - deyiladi kompaniyalar bayonotida.
Kompaniyalar ta'kidladiki, bitim amerikalik po'lat ishlab chiqarish sanoatini sezilarli darajada mustahkamlash, ish o'rinlarini saqlab qolish va mamlakatning global po'lat bozoridagi raqobatbardoshligini oshirishga yordam berardi.
"Biz prezident Bayden amerikalik po'lat ishlab chiqaruvchilarining kelajagi bilan o'zining siyosiy kun tartibini almashtirdi deb o'ylaymiz", - deyiladi kompaniyalar bayonotida. Ular bu qaror "AQShda muhim investitsiyalarni rejalashtirayotgan har qanday kompaniyaga qo'rqinchli signal yuboradi" deb qo'shimcha qildilar.
Nippon Steel avvalroq bitimni to'sib qo'yish holatida sudga murojaat qilish niyatida ekanligini ogohlantirgan edi.
US Steel aksiyalari to'siq e'lon qilingandan so'ng 5% dan ortiq pasayib ketdi. Ammo, analitiklar bu muzokaralarning tugashi bo'lmasligi mumkinligini ta'kidlaydilar. Donald Trumpning yangi ma'muriyati kelishi bilan kompaniyalar bitimni yakunlash imkonini beruvchi yangi shartlarni taklif qilishlari kutilmoqda.
Oldinroq Spot, AQShda TikTok ijtimoiy tarmog'ini majburan sotish to'g'risida qonun qabul qilinganini yozgan edi.