Litva transport kompaniyasi Girteka Group O'zbekiston bozoriga chiqish bilan qiziqmoqda, deb xabar berdi Transport vazirligi matbuot xizmati.

Vazir o'rinbosari Mamanbiy O'marov 14-yanvar kuni kompaniya asoschisi Edvardas Lyakhovichusni qabul qildi. Tomonlar yangi loyihalarni amalga oshirish va mahalliy transport-logistika tizimiga investitsiyalar jalb qilish imkoniyatlarini muhokama qildi.

Girteka O'zbekistonda qo'shma logistika markazi tashkil etishni rejalashtirmoqda. Bundan tashqari, xalqaro yuk tashish bo'yicha haydovchilar va menejerlarni o'qitish va qayta tayyorlash rejalari ko'rib chiqildi.

11-yanvar kuni bo'lib o'tgan yig'ilishda Shavkat Mirziyoyev Transport vazirligiga tashqi savdo operatsiyalari uchun alternativ yo'nalishlarni ishlab chiqishni topshirdi. Yevropa mamlakatlariga va ulardan yuk tashish bilan bog'liq muammolar, chegaralarni kesib o'tish bo'yicha cheklovlar mavjudligi ta'kidlandi.

Reklama Spot.uz saytida

Transport vaziri Ilxom Mahkamovning ma'lum qilishicha, 2030 yilga kelib O'zbekistonning logistika samaradorligi indeksidagi o'rnini 88-dan kamida 55-gacha yaxshilash vazifasi qo'yilgan. Shuningdek, xalqaro ahamiyatga ega yo'llar bo'yida yangi logistika markazlari, TIR-parklari va boshqa ob'ektlar qurish rejalashtirilmoqda.

Oldinroq Spot 2025 yildan boshlab Litva uchinchi mamlakatlardan ishchilar uchun kvota joriy etishini yozgan edi.