Markaziy bank 11 yangi mikromoliya tashkilotiga litsenziya berdi, deb xabar qildi davlat idorasining matbuot xizmati.

Regulyatorning boshqaruv qaroriga asoslanib, mikromoliya tashkilotlari faoliyatini amalga oshiradigan tashkilotlar reestriga 11 kompaniya kiritildi. Ularning aksariyati davlat banklari tomonidan tashkil etilgan:

  • Milliy Mikromoliya Tashkiloti — NBU;
  • Asaka Finance Garant mikromoliya tashkiloti — «Asakabank»;
  • Xalq mikromoliya tashkiloti — «Xalq banki»;
  • SQB mikromoliya tashkiloti — Uzpromstroybank;
  • Turon mikromoliya — «Turonbank»;
  • Biznesni rivojlantirish mikromoliya tashkiloti — «Biznesni rivojlantirish banki»;
  • Aloqa Finance Development mikromoliya tashkiloti — «Aloqabank»;
  • Microfinance Service — «Agrobank»;
  • Cash Point;
  • Almizan mikromoliya tashkiloti;
  • Tayan.

2024 yil dekabrida Shavkat Mirziyoyev kichik va o‘rta biznesga beriladigan kreditlar hajmini 120 trillion so‘mga yoki barcha portfelning 40% ga yetkazishni topshirdi. Prezident katta loyihalarni kichik biznes hisobidan moliyalashtirishni to‘xtatishga chaqirdi.

Shuningdek, mikromoliya va faktoring xizmatlariga bo‘lgan talabning o‘sishi qayd etildi — o‘tgan yilda bozor 5,5 trillion so‘mga yetdi. Xususan, davlat banklari huzurida xorijiy investorlarni jalb qilish orqali tegishli bo‘linmalarni ochish rejalashtirilgan, bozor hajmini 10 trillion so‘mga yetkazish maqsad qilingan.

2024 yil yakunlariga ko‘ra, mikrokreditlar (45,83 trillion so‘m) va mikrozaymlar (17,4 trillion so‘m) berish hajmi yarimdan ortiq o‘sdi. Ikkinchi yarmida mikrozaymlarning o‘sish sur'ati tezlashdi, dekabr oyida esa mutlaq rekord o‘rnatildi — 5,1 trillion so‘m.

Oldinroq Spot xabar berganidek, prezident mikromoliya banklarini tashkil etish to‘g‘risidagi qonunni imzoladi.