Milliy aviatashuvchi Uzbekistan Airways 14 ta uzoq masofali Boeing 787−8 Dreamliner samolyotini sotib olishni rejalashtirmoqda. Bu haqda 28 yanvar kuni matbuot anjumanida davlat kompaniyasi boshqaruvi raisi Shuxrat Xudaykulov ma'lum qildi, xabar beradi Spot muxbiri.
16 yanvar kuni o'tkazilgan yig'ilishda prezident xalqaro moliya bozorlaridan transport sohasiga $400 million jalb qilishni topshirdi, shundan $100 millioni Uzbekistan Airwaysga to'g'ri keladi. Xudaykulov kelasi "bir necha oy ichida" nemis Deutsche banki bilan qarz mablag'larini jalb qilish bo'yicha shartnoma imzolanishiga ishonch bildirdi.
Uning so'zlariga ko'ra, jalb qilingan mablag'lar avvalambor aviakompaniyaning moddiy-texnik bazasini yaxshilash va havo flotini kengaytirishga yo'naltiriladi. Xususan, 2028-2030 yillar davomida Shavkat Mirziyoyevning Frantsiyaga safari chog'ida shartnoma tuzilgan 14 ta Airbus samolyoti keladi. Uzbekistan Airways allaqachon shartnoma to'lovini o'z mablag'lari bilan boshlagan bo'lib, bu maqsadlar uchun kreditlar ham yo'naltiriladi.
«Bu yilda aviakompaniya Boeing bilan memorandum imzolaydi. Biz hozirda 2029-2032 yillarda 14 ta [Boeing 787−8] Dreamliner yetkazib berish masalasini ko'rib chiqyapmiz. Loyihaning taxminiy qiymati $2 milliard deb baholanmoqda», — dedi Uzbekistan Airways rahbari.
Shuxrat Xudaykulov rejalashtirilgan $100 millionni jalb qilish "faqat ishning boshlanishi" ekanligini ta'kidladi va bu jarayonni kelajakda davom ettirishni rejalashtirmoqda.
Planespotters portaliga ko'ra, Uzbekistan Airways havo flotida olti ta Boeing 787−8 Dreamliner samolyoti mavjud. Ularning birinchisi 2016 yil avgustda yetkazib berilgan bo'lsa, so'nggisi 2021 yil aprelida keltirilgan.
Avvalroq Spot Uzbekistan Airways 20 yanvardan boshlab Rossiya orqali Evropaga reyslar amalga oshira boshlaganini yozgan edi.