Oliy Majlis deputatlari elektron sigaretlar (veyp) importini va aylanmasini taqiqlovchi qonun loyihasini ikkinchi va uchinchi o'qishlarda qabul qildilar. Bu haqda quyi palata matbuot xizmati ma'lum qildi.

Qonun loyihasi birinchi o'qishda 7 yanvarda qabul qilingan. Birinchi o'qishdan so'ng, hujjat matniga parlament komitetlari va fraksiyalarida muhokama qilingan tavsiyalar asosida bir qator o'zgartirishlar kiritildi.

Boshqa narsalar qatorida, taqiqqa tushadigan tamaki vositalarini va nikotinli suyuqliklarni ixtiyoriy ravishda topshirgan shaxslarni ma'muriy javobgarlikdan ozod qilish taklif etilmoqda.

Oxirgi o'qishda qonun loyihasini ishtirok etgan 133 deputat qo'llab-quvvatladi, yana besh kishi ovoz bermadi. Endi hujjat Senat tasdig'ini olishi kerak, shundan so'ng u prezidentga imzolash uchun yuboriladi.

Uning qabul qilinishidan so'ng, elektron nikotin etkazib berish tizimlari, jumladan, elektron sigaretlar va ularga mo'ljallangan suyuqliklarning ishlab chiqarilishi, tayyorlanishi, saqlanishi, transporti, olib kirilishi va olib chiqilishi taqiqlanadi. Taqiqni buzganlik uchun ma'muriy, takroriy buzilish hollari uchun esa jinoiy javobgarlik belgilangan.

Birinchi o'qishda loyiha muhokama qilinganida, uning O'zbekiston aholisining salomatligini, jumladan, kelajak avlodlar uchun ahamiyati ta'kidlangan. Sog'liqni saqlash vaziri Asilbek Xudoyarov, veyplarda ishlatiladigan moddalar inson salomatligiga, xususan, miyaning faoliyatiga zarar yetkazishini ta'kidlagan.

2024 yil aprelida Sog'liqni saqlash vazirligi elektron sigaretlar (veyp) va tamakini isitish tizimlarining importi va savdosini taqiqlovchi qonun loyihasini muhokamaga qo'ygan. Taqiqni buzganlik uchun ma'muriy va jinoiy javobgarlik kiritish taklif etilgan.

Oldinroq Spot, Rossiyada veyplarni to'liq taqiqlash rejalashtirilayotganini yozgan edi.