Joriy yilning uchinchi choragida O‘zbekiston avtomobil bozori o‘sdi, ammo 2023 yil ko‘rsatkichlariga nisbatan pasaymoqda, deb xabar bermoqda Makroiqtisodiy va Mintaqaviy Tadqiqotlar Instituti (IMRI).
Iyul-sentabr oylarida davlat ro‘yxatidan o‘tgan avtomobillar soni 352,8 ming dona bo‘lib, bu ikkinchi chorakka nisbatan 27,8% o‘sishni anglatadi. Biroq, bu ko‘rsatkich 2023 yilning shu davriga nisbatan 19,9% ga pastdir.
Avtomobil bozoriga ta'sir ko‘rsatuvchi sabablar orasida IMRI mutaxassislari avtokreditlash va aholi daromadlarini ko‘rsatmoqda: so‘nggi uch yilda korrelyatsiya koeffitsienti (0 dan 1 gacha, ko‘rsatkich oshgani sari bog‘lanish kuchayadi) 0,72 va 0,42 ni tashkil etadi.
To‘qqiz oy davomida banklar aholi uchun avtomobil kreditlari bo‘yicha jami 12,79 trillion so‘m miqdorida mablag‘ ajratdi, bu 2023 yilning mos davriga nisbatan 2,36 baravar kam. Uchinch chorakda avtokreditlar berilishi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan uch baravar kamaydi.
Agar kreditlash sur'atlari so‘nggi uch yil darajasida saqlanib qolsa, IMRI joriy yil oxirigacha oyiga 115-118 ming avtomobil ro‘yxatdan o‘tkazilishini prognoz qilmoqda. Shuningdek, 2023 yilning to‘rtinchi choragida har oyda 154 mingdan ortiq savdo shartnomalari tuzilgan.
Kreditlashning sezilarli pasayishi fonida avtomobil ishlab chiqaruvchilar va dilerlar talabni qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlarini amalga oshirmoqdalar. Ba'zi kompaniyalar (GM Uzbekistan, BYD va KIA) bir qator modellarga chegirmalar kiritmoqda, qolganlari (GM Uzbekistan, BYD, Cherry) esa foizsiz to‘lov rejasini taklif qilmoqda.
Nima uchun avtokreditlash pasaymoqda
2023 yil sentyabrda Markaziy bank banklarga avtokreditlar berish bo‘yicha talablarni kuchaytirdi. Shunday qilib, avtomobil sotib olish uchun kredit portfelidagi kreditlar ulushi 25% dan oshmasligi kerak, chunki bu qarzlarning konsentratsiyasi bilan bog‘liq xavflar mavjud.
1 iyuldan e'tiboran Markaziy bank aholi uchun kredit berish bo‘yicha talablarni kuchaytirdi. Regulyator qarz oluvchining o‘rtacha oylik daromadiga o‘rtacha kredit to‘lovlarining nisbati orqali hisoblanadigan qarz yuklovi ko‘rsatkichini joriy etdi.
Ushbu parametr allaqachon jismoniy shaxslar uchun mikroqarz berishda qo‘llanilmoqda. Mikroqarzlar berilishi qarz oluvchining daromadining yarmiga cheklangan.
1 iyuldan boshlab kreditlash limiti 60% darajasida belgilanadi, 2025 yildan esa 50% ga kamaytiriladi.
Bundan tashqari, Markaziy bank fuqarolarga ipoteka va avtokreditlar berish bo‘yicha talablarni kuchaytirdi. Qarzdorlarning kredit riskini baholashda qo‘shimcha ko‘rsatkich — "kredit/garov" koeffitsienti hisobga olinadi.
Iyul oyida ADM Jizzakh avtomobil zavodi direktori Daniyar Davletiyarov Markaziy bank avtokreditlar berishda "maxfiy cheklovlar" joriy etganini ma'lum qildi. U bu yil avtomobil sotuvlarining 15% ga pasayishini kutmoqda — 350 ming dona.
Oldinroq Spot yangi mahalliy avtomobillar sotilishi pasaygani haqida xabar bergan edi.